Sifatli ta’lim va malakali mutaxassis – barqaror iqtisodiyotning asosi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2023-yil 31-iyulda “2023/2024 o‘quv yiliga tayyorgarlik bo‘yicha professional ta’lim muassasalari Avgust kengashlarini o‘tkazish to‘g‘risida”gi 332-sonli buyrug‘i qabul qilindi.
Unda professional ta’lim muassasalarining 2023/2024 o‘quv yiliga tayyorgarligini ta’minlash, rahbar va pedagog kadrlarning kasbiy kompetentligini rivojlantirish, o‘quv-metodik ta’minotni kuchaytirish, ta’lim sifatini oshirish, ta’lim jarayonini samarali tashkil etish, modulli ta’lim dasturlarini joriy etish, mehnat bozori va ta’lim integratsiyasini ta’minlash, o‘quv-me’yoriy hujjatlarni yuritish hamda o‘qitishning zamonaviy texnologiyalarini keng joriy etishni ta’minlash asosiy maqsad etib belgilangan.
Avgust kengashlarini professional ta’lim tizimida “WorldSkills” standartlari, dual ta’lim, kompetensiyaga asoslangan ta’lim (competency based learning), kasblarga o‘qitishda raqamli ta’lim texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni keng joriy qilishga, shuningdek ish beruvchilar bilan hamkorlik qilish hamda o‘quvchilarning amaliy mashg‘ulotlarini yuqori saviyada tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan.
Avgust kengashlari Sirdaryo viloyati Professional ta’lim muassasalarida “Sifatli ta’lim va malakali mutaxassis – barqaror iqtisodiyotning asosi” shiori ostida sho‘ba va yalpi yig‘ilishlar bo‘yicha 2023-yil 24-29 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.