Yangilanayotgan Konstitutsiya O‘zbekiston jamiyatining rivojlanishidan kelib chiqayotgan hayotiy zarurat bo‘lib, bu ish mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun g‘oyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi ulkan qadamdir.
Sirdaryo tumani pedogogika kollejida O‘zbekiston Respublikasi referendumi hamda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati targ‘ibotiga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi. Unda O‘zLiDeP Sirdaryo tuman Kengashi raisi Davron Nurullayev, Xalq deputatlari Sirdaryo tumani Kengashi kotibyati mudiri Akbarali Mirzaahmedov, Pedagogika kolleji direktori Rahmatillo Sulaymonov, O‘zLiDeP Sirdaryo tumani Kengashi apparat rahbari Muhriddin Ismatullayev ishtirok etdilar.
Tadbirda so’zga chiqqanlar Konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyatiga to‘xtalar ekan, mamlakat konstitutsiyasini takomillashtirish yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi sifat darajasiga ko‘tarish, xalqimizning turmush farovonligini yanada oshirish, O‘zbekistonning dunyodagi eng ilg‘or davlatlar qatoriga kirishi uchun ulkan imkoniyatlar yaratishi xaqida to’xtaldi.
Bosh qomusimizda O‘zbekiston ijtimoiy davlat deb e’lon qilinmoqda. Davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalar qariyb uch baravarga ortmoqda. Jumladan, fuqarolarning ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalari uy-joy bilan ta’minlanishi, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonga munosib yashashini ta’minlashni hisobga olgan holda belgilanishi, fuqarolarning tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini davlat hisobidan olishga haqliligi va boshqalar belgilanmoqda.