Xabaringiz bor 2021-yilning noyabr oyidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4 oktabrdagi “Akademik litsey va professional taʼlim muassasalari oʻquvchi-yoshlari oʻrtasida «Barkamol avlod” sport musobaqalarini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori saviyada oʻtkazish toʻgʻrisida»gi 89-sonli bayoniga muvofiq, 2021-2022 oʻquv yilida 12 ta sport turidan Respublikamizning barcha hududlarida “Barkamol avlod” sport musobaqalari tashkil etildi.
Viloyat kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish boshqarmasi hamda viloyat Sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi hamkorligida shakllantirilgan Sirdaryo viloyati jamoasi sport musobaqalarining barcha turlarida ishtirok etdi.
“Barkamol avlod” sport musobaqalarida sportchi-yoshlarimiz tomonidan 7 ta oltin, 3 ta kumush va 8 ta bronza jami 18 ta medallar qoʻlga kiritilib. Umumjamoa hisobida Samarqand, Xorazm, Buxoro viloyatlaridan soʻng 4 oʻrinni qoʻlga kiritishdi.
Bu safargi musobaqalarda sportchi-yoshlarimizni munosib ishtirok etishlari uchun viloyat hokimligi tomonidan barcha sharoitlar yaratib berildi. Jumladan, oʻquv yigʻin mashgʻulotlari, sport jihozlari, sport formalari bilan taʼminlash hamda Respublika bosqichlari safar xarajatlari uchun mahalliy byudjetdan 443 million soʻm mablagʻi ajratib berildi.
Bir soʻz bilan aytganda “Yangi Oʻzbekiston” davrida oʻtkazilgan “Barkamol avlod” sport musobaqalarida “Yangi Sirdaryo” ning sportchi-yoshlari Respublika sport maydonlarida munosib himoya qilishdi.