Bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim tizimini takomillashtirish, o‘quvchilarni nazariy bilimlar bilan birga amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishlarini ta’minlash muhim vazifalardan biriga aylangan. Aynan shunday yondashuvni qo‘llagan holda, Sirdaryo viloyatida dual ta’lim tizimini joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Dual ta’lim tizimi ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlik asosida yo‘lga qo‘yilib, talabalarga o‘z kasbining amaliy jihatlarini chuqur o‘rganish imkonini beradi. Bu tizim o‘quvchilarni o‘qish davridan boshlab mehnat bozoriga moslashishiga va kelajakda yuqori malakali mutaxassis bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi.
Sirdaryo viloyatida dual ta’limni keng joriy etish maqsadida hududdagi ta’lim muassasalari va yetakchi korxonalar hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, viloyatdagi politexnika texnikumlari, kollejlar va yirik sanoat korxonalari o‘rtasida amaliyot dasturlari ishlab chiqilib, o‘quvchilarga real ishlab chiqarish jarayonlarida ishtirok etish imkoniyati yaratilmoqda.
Yaqinda Sirdaryo viloyatida dual ta’lim tizimini rivojlantirishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Professional ta’limni rivojlantirish instituti mas’ul xodimlari – A. Madjitov va K. Mizamovlar, sohaga oid mutaxassislar, ta’lim muassasalari rahbarlari, pedagoglar hamda korxonalar vakillari ishtirok etdilar. Seminar davomida dual ta’lim tizimining afzalliklari, uni yanada rivojlantirish strategiyalari, ishlab chiqarish bilan hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Tadbirda qatnashgan ekspertlar bu tizim yoshlarning malakali kadr sifatida yetishishida muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.
Mazkur seminar davomida ishlab chiqarish sohasi vakillari va ta’lim muassasalari o‘rtasida kelishuvlar imzolandi. Ushbu kelishuvlarga ko‘ra, o‘quvchilar uchun yangi amaliyot dasturlari ishlab chiqiladi, korxonalarda o‘quv-seminarlar tashkil etiladi va talabalar real ish sharoitida o‘z bilimlarini sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Sirdaryo viloyatida dual ta’lim tizimini keng joriy etish va yanada rivojlantirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Bu esa o‘z navbatida yoshlarning kasb-hunar egallashi, tajriba orttirishi va kelajakda o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lishiga mustahkam zamin yaratadi.











