2003 yil 9 dekabr kuni Merida shahri (Meksika) da Birlashgan millatlar tashkiloti tashabbisi bilan Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Xalqaro konvensiya imzolangan. 2003 yil Birlashgan millatlar tashkiloti Bosh Assambleyasining 53-sessiyasida qabul qilingan rezolutsiyaga muvofiq, ushbu kun Korrupsiyaga qarshi qurashish Xalqaro kuni deb e‘lon qilingan.
O‘zbekiston Respublikasining
“Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonuni haqida
Mazkur Qonun 2023 yil 9 avgustdan qonuniy kuchga kirgan, 5 bob va 29-moddadan iborat.
Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar — korrupsiyaning ko‘rinishlari uchun, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etish uchun imkoniyat yaratadigan huquqiy normalar;
normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi — normativ-huquqiy hujjatlardagi va ularning loyihalaridagi korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlashga, aniqlangan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqish va choralar ko‘rishga yo‘naltirilgan tadbirlar majmui;
cheklist — normativ-huquqiy hujjatlardagi va ularning loyihalaridagi korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash bo‘yicha namunaviy shakldagi savolnoma.
Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazuvchi subyektlar:
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari (bundan buyon matnda adliya organlari deb yuritiladi);
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ishlab chiquvchilari bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari (bundan buyon matnda yuridik xizmatlar deb yuritiladi);
tegishli normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlash o‘z zimmasiga yuklatilgan davlat organlari va tashkilotlari.
Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘tkaziladigan korrupsiyaga qarshi ekspertizasi
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi quyidagi hollarda normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazadi:
o‘z tashabbusiga ko‘ra — har qanday normativ-huquqiy hujjatlarni, shu jumladan o‘rganish va tekshirishlar natijalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatning qo‘llanilishi chog‘ida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar fakti aniqlangan hollarda;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining va ular organlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlariga ko‘ra.
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi quyidagi hollarda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazadi:
o‘z tashabbusiga ko‘ra — har qanday normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shu jumladan jamoatchilik e’tiborini tortgan va ommaviy axborot vositalarida hamda ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokama va munozaralarga sabab bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining va ular organlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlariga ko‘ra.
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish uchun boshqa davlat organlarining vakillarini, shuningdek mustaqil va ilmiy ekspertlarni hamda o‘zga tashkilotlarning vakillarini shartnomaga asosan jalb etishga haqli.