Kasbiy taʼlim taraqqiyot poydevori

Mamlakatimizda taʼlim tizimining rivojlanishi va yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga bo’lgan eʼtibor kundan-kunga ortib bormoqda. Taʼlim sohasidagi islohotlarning muvaffaqiyati – yurtimiz ravnaqi va taraqqiyotining asosi sifatida qaralmoqda.

Sirdaryo viloyati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig’i A.Xajimuratovning maqolasi taʼlim tizimini yanada mustahkamlash va kasbiy taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan o’zgarishlarni yoritadi.

Maqolani toʻliq o’qish uchun: https://yuz.uz/news/kasbiy-talim-taraqqiyot-poydevori

2024-yil 16-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Kasbiy taʼlimda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro taʼlim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-158-son Farmoni kasbiy taʼlim tizimida muhim oʻzgarishlarning yuzaga kelishida, hamda islohotlarning avj olishida dasturul amal boʻlib xizmat qildi. Mazkur huquqiy hujjat mamlakatda malakali kadrlarni tayyorlash, xalqaro taʼlim dasturlarini joriy etish va iqtisodiyotning zamon talablariga moslashadigan taʼlim tizimini yaratishga qaratilgan keng qamrovli rejalarning boshlanishidir. Unda nafaqat kasbiy taʼlim tizimini takomillashtirish, balki taʼlim va ishlab chiqarish sektori oʻrtasidagi integratsiyani chuqurlashtirish ham nazarda tutilgan.

Kasbiy taʼlim tizimini yagona tizimga oʻtkazish

Maʼlumki, ilgari kasbiy taʼlim tashkilotlari turli vazirlik va idoralarga qarashli edi. Endilikda bu tizimda boshqaruv, tashkiliy va metodik jihatdan yagona davlat siyosati Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan yuritilishi, shubhasiz, eng toʻgʻri va samarali yoʻldir.

Farmon asosida amalga oshiriladigan islohotlar, kasbiy taʼlim tizimini yangi shaklga keltirishni koʻzda tutadi. Buning uchun texnikumlar va kasbiy taʼlim tashkilotlari yagona tizimga birlashtiriladi. Bu tizimda barcha taʼlim muassasalari oʻrtasidagi oʻzaro bogʻlanish va hamkorlik kuchaytiriladi, shuningdek, kadrlar tayyorlashda xalqaro tajriba va standartlar joriy etiladi. Mamlakatimiz milliy malaka tizimining xalqaro taʼlim dasturlari bilan hamohangligini, shuningdek oʻquvchilarning dunyo boʻylab tan olingan diplom va sertifikatlarga ega boʻishi imkoniyatini yaratadi.

Xalqaro taʼlim dasturlarini joriy etish

Kasbiy taʼlim tizimining global talablar bilan hamohang boʻlishi, mamlakatning taʼlim sohasidagi eng muhim yutuqlaridan biridir. Yangi farmon doirasida texnikumlarda xalqaro taʼlim dasturlari joriy etiladi. Buning natijasida, oʻzbek yoshlariga dunyoning yetakchi taʼlim muassasalaridan oʻrganish va malaka oshirish imkoniyati yaratiladi. 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab texnikumlarda xalqaro taʼlim dasturlariga asoslangan kurslar va mutaxassisliklar taqdim etiladi, bu esa oʻquvchilarni global mehnat bozori talablariga tayyorlashni osonlashtiradi.

Kasbiy taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi

Kasbiy taʼlim tizimi va ishlab chiqarish oʻrtasidagi integratsiyani kuchaytirish, bu farmonning yana bir muhim yoʻnalishidir. Texnikumlar va ish beruvchilar oʻrtasida hamkorlik oʻrnatiladi, dual taʼlim tizimi rivojlantiriladi. Bu model oʻquvchilarni amaliy tajriba orttirish uchun ishlab chiqarish korxonalarida stajirovkalar va amaliyotlarni oʻtkazishga imkon yaratadi. Shuningdek, ish beruvchilar oʻz ehtiyojlariga mos malakali kadrlarni tayyorlashda faol ishtirok etadi, bu esa iqtisodiyotning rivojlanishiga katta hissa qoʻshishi shubhasiz.

Texnikumlarni zamonaviylashtirish

Texnikumlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, oʻquv jarayonini zamonaviy texnologiyalar bilan taʼminlash farmonda alohida taʼkidlangan. Texnikumlar oʻz faoliyatini boshlash uchun zamonaviy oʻquv materiallari, laboratoriya va ustaxonalar bilan jihozlanadi. Oʻquvchilar uchun barcha zarur metodik va pedagogik taʼminot, shu jumladan elektron platformalar orqali taʼlim olish imkoniyatlari yaratilib, ular oʻquv jarayonlarini yanada interaktiv va samarali oʻtishi uchun sharoitlar yaratiladi.

Raxbarlar tanlovining shaffofligi

Farmonning yana bir diqqatga sazovor jihati, texnikumlarda rahbar kadrlarni tanlash jarayonining ochiqligi va shaffofligini taʼminlashdir. 2025-yil 1-yanvardan boshlab texnikumlarning rahbar va ularning oʻrinbosarlari lavozimlariga tanlov asosida tayinlash joriy etiladi. Bu jarayon Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan maxsus elektron platforma orqali amalga oshiriladi. Tanlovda, iqtisodiyot tarmoqlari vakillari, ish beruvchilar va mutaxassislar jalb etilishi koʻzda tutilgan.

Kasbiy taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasi

Oʻzbekistonning kasbiy taʼlim tizimini rivojlantirish uchun alohida jamgʻarma tashkil etiladi. Bu jamgʻarma kasbiy taʼlim muassasalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, zamonaviy oʻquv resurslari va texnik bazalarni rivojlantirish uchun ajratilgan mablagʻlarni oʻz ichiga oladi. 2025-yil 1-aprelga qadar iqtisodiyot va moliya vazirliklari tomonidan jamgʻarmaga 50 milliard soʻm ajratilishi belgilangan.

2025-2027-yillarga moʻljallangan islohotlar dasturi doirasida kasbiy taʼlim muassasalarini zamonaviy uskunalar, laboratoriya va ustaxonalar bilan jihozlash, oʻquv materiallarini raqamlashtirishga katta eʼtibor qaratiladi.

Yangi kasbiy taʼlim platformasi

Qayd etish joizki, qabul jarayonini ish beruvchilar talabi asosida shakllantirish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda kasbiy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish uchun yangi “Kasbiy taʼlim” platformasi yaratilib, unga barcha vazirlik va tarmoqlar ulanadi. Texnikumlarning taʼlim dasturlari sanoat tarmoqlari, tadbirkorlar birlashmalari, yirik ish beruvchilar va uyushmalar bilan kelishilganidan soʻng amaliyotga kiritiladi. Bu platforma, taʼlim oluvchilar va taʼlim muassasalari uchun barcha zarur maʼlumotlarni ochiq va bepul taqdim etadi. Oʻquvchilar va ish beruvchilar uchun platforma orqali taʼlim dasturlarini tanlash, amaliyot bazalarini koʻrish, shuningdek, oʻqituvchilarning malakasini oshirish imkoniyatlari yaratiladi.

Xulosa

Oʻzbekiston Respublikasining kasbiy taʼlim tizimining nafaqat mamlakat ichidagi ehtiyojlariga mos, balki xalqaro taʼlim tizimlariga javob beradigan, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan zamonaviy tizimga aylanishi kutiladi. Bunday islohotlar, ayniqsa, yoshlarning sifatli taʼlim olishiga, mehnat bozori uchun zarur boʻlgan malakali mutaxassislarning tayyorlanishiga va iqtisodiy rivojlanishning yangi bosqichga koʻtarilishiga xizmat qiladi. Taʼlim sohasidagi bu yangilanishlar, yurtimizning kelajakdagi muvaffaqiyatli rivojlanishining poydevorini yaratadi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan